Gʻiyosiddin Kayxusrav ibn Kayqubod yoki Kayxusrav II (forscha: غياث الدين كيخسرو بن كيقباد) – 1237-yildan 1246-yil vafotiga qadar Rum saljuqiylari sultoni. Bobo Isʼhoq qoʻzgʻoloni va moʻgʻullarning Onadoʻliga bostirib kirishi davrida hukmronlik qilgan. 1243-yilda Köse Dağ jangida saljuqiylar qoʻshiniga nasroniy ittifoqchilari bilan birga boshchilik qilgan. Saljuqiy sultonlari orasida sezilarli real hokimiyatni saqlab qolgan soʻnggi hukmdor boʻlgan. Vafot etgan vaqtida moʻgʻullar vassali boʻlgan.
| Kayxusrav II | |||||
|---|---|---|---|---|---|
![]() Kayxusrav II dirhami. Hijriy 638/milodiy 1240/1. Sivas | |||||
| Rum sultoni | |||||
| Saltanat | 1237—1246 | ||||
| Oʻtmishdoshi | Qayqubod I | ||||
| Davomchisi | Kaykovus II | ||||
| Tugʻilishi | 1215 | ||||
| Vafoti | 1246 (yoshi 30–31) | ||||
| Turmush oʻrtogʻi | Gurju Xotun Gʻoziya Xotun | ||||
| Farzandlari | Izz ud-Din Kaykovus II Ruk ud-Din Kilij Arslon IV Qayqubod II | ||||
| |||||
| Uy | Saljuqiylar | ||||
| Otasi | Qayqubod I | ||||
| Onasi | Mohpari Xotun | ||||
| Dini | Islom (Sunniylik) | ||||
Hukmronligi
Kayxusrav Kayqubod I va uning rafiqasi Mohpari Xotunning oʻgʻli edi. Mohpari Xotun kelib chiqishi jihatidan vizantiyalik yunon boʻlgan. Musulmon dunyosida choʻrilik amaliyotida saljuqiylar haramidagi choʻri-xotinlar va rafiqalarning asosiy qismi nasroniy vizantiyalik yunon ayollar boʻlgan.
Kayxusrav toʻngʻich oʻgʻil boʻlsa-da, sulton oʻz vorisi etib Qohira va Jazira sultoni al-Odilning qizi, Ayyubiylar sulolasiga mansub malika Odila Xotundan tugʻilgan ikki oʻgʻlidan keyingi kichik farzandi Izz ud-Dinni tayinlagan. 1226-yilda Kayqubod yangi qoʻshib olingan Erzincanni Kayxusravga topshirgan. General Kamyar bilan birga yosh shahzoda Arzirumni, keyinroq esa Ahlatni zabt etishda ishtirok etgan. Kayxusrav Halab amiri Al-Aziz Muhammadning qizi Gʻoziya Xotunga uylangan.
1236–1237-yillarda moʻgʻullar gruzinlar yordamida Onadoʻli qishloqlarini Sivas va Malatya devorlarigacha vayron qilgan. Bunga javoban Kayqubod gruzinlarni jazolashga harakat qilgan. Saljuqiylar qoʻshini yaqinlashgach, Gruziya malikasi Rusudan sulh soʻrab, qizi Tamarni Kayxusravga turmushga berishni taklif qilgan. Bu nikoh 1238-yilda boʻlib oʻtgan.
1237-yilda Kayqubod vafot etgach, Kayxusrav Onadoʻli yirik amirlarining qoʻllab-quvvatlovi bilan taxtni egallagan. Dastlabki hukmronlik davrining asosiy tashabbuskori Kayqubod davrida ov ustasi va qurilish ishlari vaziri boʻlgan Sad ud-Din Köpek edi. Köpek siyosiy qotilliklarda mohir boʻlib, saroydagi yangi taʼsirini bir qator qatl etishlar orqali mustahkamlashga intilgan. 1241-yilda Diyorbakirni Ayyubiylardan tortib olgan.
Baba Isʼhoq qoʻzgʻoloni
Tashqaridan moʻgʻullar saljuqiy davlatiga tahdid solib turgan bir paytda ichkaridan ham yangi xavf paydo boʻlgan. Xarizmatik voiz Baba Isʼhoq Onadoʻli turkmanlari orasida qoʻzgʻolon qoʻzgʻatgan. Bu qoʻzgʻolon Bobo Isʼhoq qoʻzgʻoloni nomi bilan tanilgan.
Koʻchmanchi turkmanlar Malazgirt jangidan bir necha yil avval Onadoʻliga koʻcha boshlagan edilar. 1071-yildan soʻng mintaqaga turkiy qabilalarning koʻchib kelishi deyarli toʻsiqsiz davom etgan. Ularning ham soni, ham diniy yetakchilarining, nomigagina islomni qabul qilgan, baba yoki dede deb ataluvchi shomonlarning targʻibot kuchi ilgari nasroniy boʻlgan Onadoʻlining islomlashuvida katta rol oʻynagan. Forslashgan saljuqiy harbiy tabaqa bu koʻchmanchilarning dehqonlar yashaydigan hududlarga bostirib kirishi va qoʻshni nasroniy davlatlarga hujum qilishining oldini olish uchun saʼy-harakat qilgan. Turkmanlar, asosan, togʻli va chegara hududlardan iborat chekka yerlarga siqib chiqarilgan.
Bobo Is’hoq ana shunday diniy yetakchilardan biri edi. Avvalgi rahbarlarning taʼsiri kichik qabila guruhlari bilan cheklangan boʻlsa, ulardan farqli oʻlaroq, Bobo Isʼhoqning nufuzi Onadoʻlidagi turkmanlarning juda keng qatlamiga yoyilgan edi. U aniq nimani targʻib qilgani nomaʼlum. Biroq islom paygʻambari Muhammadga nisbatan qoʻllanadigan rasul unvonini oʻzlashtirgani uning faoliyati anʼanaviy islom doirasidan tashqariga chiqqanini koʻrsatadi.
Qoʻzgʻolon taxminan 1240-yilda sharqiy Tavr togʻlaridagi chekka chegara hududi Kafarsudda boshlanib, tez orada shimolga, Amasya mintaqasiga yoyilgan. Malatya va Amasyadagi saljuqiy qoʻshinlar tor-mor etilgan. Tez orada Saljuqiylar Onadoʻlisining markaziy qismi Kayseri, Sivas va Tokat atrofidagi hududlar Bobo Isʼhoq tarafdorlari nazoratiga oʻtgan. Bobo Isʼhoqning oʻzi oʻldirilgan. Biroq turkmanlar markaziy saljuqiy hokimiyatga qarshi qoʻzgʻolonni davom ettirgan. Isyonchilar, oxir-oqibat, Kırşehir yaqinida qurshab olinib, ehtimol 1242-yilda yoki 1243-yil boshlarida magʻlub etilgan. Tarixchi Simon ushbu gʻalabani sulton yollagan koʻplab frank yollanma askarlariga bogʻlaydi.
Köse Dağ jangi
1242—1243-yil qishida moʻgʻullar Bayju boshchiligida Arzirumga hujum qilgan. Shahar qamal qilinmasdan taslim etilgan. Moʻgʻullar bahorda Rumga bostirib kirishga hozirlik koʻra boshlagan. Bu tahdidga qarshi Kayxusrav ittifoqchilari va vassallaridan askar toʻplagan. Papa Innokentiy IV ning Buyuk xon huzuriga ketayotgan elchisi Simon of Saint-Quentin sultonning tayyorgarliklari haqida bir qancha maʼlumot beradi. Uning yozishicha, Armaniston qiroli 1400 nayzador, Nikeya imperatori boʻlgan yunon hukmdori esa 400 nayzador berishi talab qilingan. Har ikki hukmdor tafsilotlarni kelishish uchun sulton bilan Kayserida uchrashgan. Trabzonning Buyuk Komnenosi 200 nafar, Halabning yosh ayyubiy shahzodasi esa 1000 nafar otliq yuborgan. Bularga qoʻshimcha ravishda, Kayxusrav saljuqiy qoʻshini va tartibsiz turkman otliqlariga ham qoʻmondonlik qilgan, biroq ularning har ikkalasi ham Bobo Is’hoq qoʻzgʻoloni tufayli ancha zaiflashgan edi.
Tarkibiga armanlar qoʻshilmagan (ular bu vaqtda moʻgʻullar bilan ittifoq tuzish yoki ularga boʻysunish masalasini koʻrib chiqayotgan edilar) qoʻshin Sivasda toʻplangan. Kayxusrav va uning ittifoqchilari sharqqa, Arzirum tomon olib boruvchi asosiy yoʻl boʻylab yoʻlga chiqqanlar. 1243-yil 26-iyunda ular Erzincan va Gümüşhane oraligʻida joylashgan Köse Dağ dovonida moʻgʻullar bilan toʻqnash kelganlar. Kayxusrav bosqinga qarshi turish uchun katta qoʻshin toʻplagan edi. Biroq 80 ming kishilik bu kuch moʻgʻullarga xos intizom va uygʻunlikdan mahrum edi. Moʻgʻul otliqlarining soxta chekinishi saljuqiylarni tartibsizlikka solib qoʻygan va Kayxusrav qoʻshini tor-mor etilgan. Sulton oʻz xazinasi va haramini Tokatda yigʻib, Anqaraga qochgan. Moʻgʻullar Sivasni egallab, Kayserini talon-taroj qilgan. Biroq sultonlik poytaxti boʻlgan Koʻniyaga yurishni davom ettira olmagan.
Jangdan keyingi oylarda sultonning vaziri Muʼin ad-Din Parvona gʻolib chiqqan moʻgʻul yetakchisini izlab topgan. Sulton qochib ketgani sababli, bu elchilik tashabbusi vazirning oʻziga tegishli boʻlgan. Vazir Onadoʻlida moʻgʻullar amalga oshirishi mumkin boʻlgan keyingi vayronagarchiliklarning oldini olishga muvaffaq boʻlgan va Kayxusravning taxtini saqlab qolgan. Vassallik shartlari va katta miqdordagi yillik xiroj evaziga hokimiyati ancha zaiflashgan Kayxusrav Koʻniya shahriga qaytgan.
Shaxsiyati
Rustam Shukurovning maʼlumotlariga koʻra, yunon millatiga mansub onadan tugʻilgan va yunon ayollariga katta qiziqish bildirgan navbatdagi saljuqiy sultonlardan biri Kayxusrav II „ikkiyoqlama diniy va etnik shaxsiyatga ega boʻlgan“.
Merosi
Kayxusradan 3 oʻgʻil qolgan. Bular yunon ruhoniyning qizidan tugʻilgan 11 yoshli Kaykovus II, koʻniyalik turk ayoldan tugʻilgan 9 yoshli Qilich Arslon IV hamda gruzin malikasi Gürcü Xotundan tugʻilgan va uchala oʻgʻilning eng kichigi boʻlgan 7 yoshli Alouddin Qayqubod.
Kayxusrav eng kichik farzandi Kayqubodni oʻzining vorisi etib tayinlagan edi. Biroq u sogʻligʻi zaif boʻlgani sababli yangi vazir Shamsiddin Isfahoniy Kayqubodning ikki nafar voyaga yetmagan akasi Kaykovus II va Qilich Arslon IVni ham taxtga oʻtqizib, ularni qoʻshhukmdorlar deb eʼlon qilgan. Bu moʻgʻullar tahdidi sharoitida Onadoʻlida saljuqiylar nazoratini saqlab qolishga qaratilgan urinish edi.
Kayxusrav zaiflashgan boʻlsa-da, 1246-yilda vafot etgan paytda saljuqiylar hokimiyati, asosan, saqlanib qolgan edi. Moʻgʻullar imkon boʻlganida ham na sulton xazinasini, na uning poytaxtini qoʻlga kirita olgan. Shuningdek, uning Onadoʻlidagi yer-mulklari bosqinchilarning dahshatli talon-tarojlaridan omon qolgan. Sulola uchun haqiqiy zarba esa Kayxusravning munosib voris tayinlay olmaganida boʻlgan. Uch nafar yosh aka-ukaning tanlanishi bilan Onadoʻlidagi saljuqiy hokimiyati endilikda saljuqiy shahzodalar qoʻlida emas, balki saljuqiy saroy amaldorlari qoʻliga oʻtib ketgan.
Tanga zarb qilishi
1240–1243-yillar oraligʻida (hijriy 638 va 641-yillar) Kayxusrav nomidan Sivas va Koʻniyada arslon va quyosh tasviri tushirilgan bir qator eʼtiborga molik kumush dirhamlar zarb etilgan. Islom mamlakatlarida tasvirli tangalar kam uchramaydigan holat hisoblanadi. Ayniqsa, salib yurishlaridan keyingi asrlarda ayrim islomiy anʼanalar tirik mavjudotlarning tasvirini taqiqlagan.
Arslon va quyosh tasviriga oid bir nechta izohlar ilgari surilgan. Ulardan biriga koʻra, bu tasvirlar Kayxusravning sevimli gruzin rafiqasi Gürcü Xotunning munajjimlikdagi belgisi arslon yulduz turkumini ifodalaydi. Boshqa talqinga koʻra esa, arslon Kayxusravni, quyosh esa Tamarni anglatadi.
Izohlar
- "He married the daughter of the king of Georgia and was passionately in love with her."
Adabiyotlar
- Blessing, Patricia; Goshgarian, Rachel. Architecture and Landscape in Medieval Anatolia, 1100-1500. Edinburgh University Press, 2017 — 233-bet. ISBN 978-1-4744-1130-1. „Following Mahperi, Kayqubad's second marriage was to an Ayyubid princess, the daughter of al Adil I, sultan of Cairo and the Jazira“
- Cahen, Claude. The Formation of Turkey: The Seljukid Sultanate of Rum: Eleventh to Fourteenth Century (en). Routledge, 2001. ISBN 978-1-317-87626-7.
- Claude Cahen, „Keyhusrev II“ Encyclopaedia of Islam, ed. by P. Bearman, et al. (Brill 2007).
- Cahen, Claude. Pre-Ottoman Turkey: a general survey of the material and spiritual culture and history c. 1071-1330. Taplinger, 1968.
- Court and Cosmos: The Great Age of the Seljuqs. The Metropolitan Museum of Art, 2016.
- Crane, H. (1993). "Notes on Saldjūq Architectural Patronage in Thirteenth Century Anatolia". Journal of the Economic and Social History of the Orient 36 (1): 1–57. doi:10.1163/156852093X00010.
- Hillenbrand, Carole (2007). "Sa'd al-Dīn Köpek b. Muhammad". Encyclopaedia of Islam. Brill.
- Humphreys, R. S.. From Saladin to the Mongols: The Ayyubids of Damascus 1193-1260. SUNY Press, 1977. p. 389
- The Seljuks of Anatolia: Court and Society in the Medieval Middle East. I.B.Tauris, 2013. ISBN 978-0857733467.
- Vryonis, Speros. The Decline of Medieval Hellenism in Asia Minor and the Process of Islamization from the Eleventh through the Fifteenth Century. University of California Press, 1971.
- Dr. Antony Eastmond, Courtauld Institute of Art. „Intermarriage and its impact on art in Anatolia in the 13th century“. International Sevgi Gönül Byzantine Studies Symposium, Istanbul (25–28 june 2007). 2009-yil 31-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 22-iyul.
vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, kayxusrav ii haqida ma’lumot. kayxusrav ii nima? kayxusrav ii nimani anglatadi?
