Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Qoʻshtepa kanali (pushtucha: کانال قوش تیپه‎‎) — Afgʻoniston shimolida Tolibon tomonidan Amudaryo suvini burish uchun qurilayotgan bahsli kanal. Kanal uzunligi

Qoʻshtepa kanali

Qoʻshtepa kanali (pushtucha: کانال قوش تیپه‎) — Afgʻoniston shimolida Tolibon tomonidan Amudaryo suvini burish uchun qurilayotgan bahsli kanal. Kanal uzunligi 285 km boʻlishi kutilmoqda. Kanal qurilishi 2022-yil mart oyida boshlangani taxmin qilinadi. Oʻzbekiston kanalning qishloq xoʻjaligiga salbiy taʼsir koʻrsatishidan xavotir bildirdi. Shuningdek, kanalga Amudaryodan suvni burish natijasida Orol dengizi falokati yanada ogʻirlashishi aytilmoqda.

Qoʻshtepa kanali
Texnik xususiyatlari
Uzunligi 285 km (177 milya)
Status Qurilish davom etmoqda
Tarixi
Qurilish boshlanishi 2022
Geografiyasi
Boshlangan nuqtasi Balx viloyati
Tarmogʻi Amudaryo

Tolibonga koʻra, tashabbus 550 ming gektar choʻlni qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli yerlarga aylantirishi koʻzlangan. Tolibon Qoʻshtepa kanali qurilishini ustuvor loyihaga aylantirdi. Planet Labs taqdim etgan suratlardan 2022-yil aprelidan 2023-yil fevraligacha 100 km dan ortiq kanal qazilganligini koʻrish mumkin. Mustaqil ekspertlar va muhandislar loyihaga shubha bilan qarab, Tolibon kanalni samarali yakunlash boʻyicha nou-xauga ega emasligi va loyihani moliyalashtirish qiyin boʻlishi, chunki hech bir xorijiy donor uni qoʻllab-quvvatlashga tayyor emasligini taʼkidlamoqda.

Kanal loyihasi va qurilishi

2022-yil mart oyida Tolibon tomonidan Afgʻonistonning shimolida Amudaryo suvini burish uchun kanal qurila boshlandi. Rejaga asosan kanalning uzunligi 285 km, eni 100 m boʻlishi kerak. Tolibonga koʻra, kanal qurilishi orqali 550 ming gektar cho‘l yerlari ekin yerlariga aylantiriladi. Kanalning qurilishi uch bosqichdan:

  • Birinchi bosqich — kanalning 108 km uzunlikdagi Davlatobod tumanigacha boradigan qismini qurish;
  • Ikkinchi bosqich — Juzjon va Faryob viloyatlaridan oʻtuvchi 117 km uzunlikdagi qismini qurish;
  • Uchinchi bosqich — ekin yerlari boʻylab subkanallarni taqsimlashdan iborat.

Tolibon kanalning birinchi bosqichini yakunlash uchun 8 mlrd AQSh dollari sarflagan boʻlib, keyingi qurilish ishlari uchun Xitoydan qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlarni jalb qilmoqda. 2023-yil sentyabr holatiga, kanalning 100 kmdan ziyod qismida qazish ishlari toʻliq tugallangan. 2023-yil 11-oktyabrda Balx viloyatida kanalning birinchi qismi foydalanishga topshirish yuzasidan marosim boʻlib oʻtgan. Tolibon matubotiga asosan kanalning birinchi qismi uzunligi 108 km boʻlib, bu qism Amudaryodan boshlanib, Davlatobod tumanigacha boradi. Birinchi qismning qurilishi 1,5 yil davom etgan.

Kanalning toʻliq qurib bitkazish 2028-yilga rejalashtirilgan boʻlib, qurilish qiymati 7 mlrd afgʻoniy, yaʼni 92 mln AQSh dollarga baholanmoqda.

Amudaryo suvidan foydalanish siyosati

Amudaryo suvlaridan sobiq SSSRning toʻrtta respublikasi Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻrtasida foydalanish siyosati sovet davrida yaratilgan. Bu taqsimot SSSRga tegishli boʻlganligi tufayli Afgʻonistonning manfaatlari unda aks etmagan. 1992-yilda Olmaota shahrida Amudaryo suvlaridan foydalanish boʻyicha mintaqaviy shartnoma tuzilgan boʻlib, ushbu shartnomada Afgʻonistonning daryo suvlaridan foydalanish huquqi keltirilmagan. Kanal qurilishi 2022-yilda boshlanganida ham Afgʻoniston haligacha transchegaraviy daryo suvlaridan foydalanish boʻyicha hech qanday hududiy yoki xalqaro shartnomalarga qoʻshilmagandi. Shuningdek, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston BMTning 1992-yildagi suv konvensiyasiga ham qo‘shilgan, ammo Afg‘oniston bu kelishuvga ham qo‘shilmagandi.

Xalqaro munosabat

Daryoning quyi qismida joylashgan Oʻzbekiston kanal qurilishi mamlakatdagi qishloq xoʻjaligiga jiddiy salbiy taʼsir qilishi tufayli oʻz munosabatini bildirgan. 2023-yilda O‘zbekistonning rasmiylari ushbu vaziyat yuzasidan Tolibon bilan muzokaralar olib borishgan, ammo rasmiy kelishuvga erishilmagan. 2023-yil 15-sentyabrda Tojikistonda boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Qoʻshtepa kanali qurilishi yuzasidan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz munosabatini bildirib oʻtgan. Oʻz munosabatida Shavkat Mirziyoyev Qoʻshtepa kanalining ishga tushirilishi Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan oʻzgartirib yuborishi xususida toʻxtalib oʻtgan.

Ekologik muammolar

Ekologiya boʻyicha ekspertlar Qoʻshtepa kanaliga Amudaryo suvlarining koʻproq burilishi tufayli Orol dengizidagi vaziyatni yanada ogʻir ahvolga solishi yuzasidan oʻz xavotirlarini bildirishgan.

2023-yildagi oʻpirilish

2023-yil dekabrida Qo‘shtepa kanalida katta oʻpirilish bo‘lgani haqida xabar berilgan boʻlib, Sentinel-2 sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan suratlarda kanal yoqasida toʻqqiz kilometr uzunlikdagi suv maydoni (suv ombori) paydo boʻlgani aks etgan. Hozirda suv miqdori ortib borayotgani toʻgʻrisida xabarlar chiqmoqda.

vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, qoʻshtepa kanali haqida ma’lumot. qoʻshtepa kanali nima? qoʻshtepa kanali nimani anglatadi?

Yuqori