Shamsiyabonu binti Abulfayzxon (chigʻatoycha: شمسیه بنت ابو الفيض خان) — Buxoro amirligi malikasi. Buxoro davlatida hukmron boʻlgan sulolalar — Ashtarxoniylar va Mangʻitlar xonadoni vakili. Kelib chiqishi bir tarafdan chingiziylar, ikkinchi tarafdan sayyidlarga borib taqalgani sababli uning avlodlari ismi oldiga „sayyid“ soʻzi qoʻshib yozilgan. Tarixda „Xoni shahid“ nomi bilan mashhur Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxonning (1711–1747) qizi, Buxoro amirligi hukmdorlari Amir Shohmurodning (1785–1800) rafiqasi va Amir Haydarning (1800–1826) onasi.
| Shamsiyabonu | |
|---|---|
chigʻatoycha: شمسیه بنت ابو الفيض خان | |
| Buxoro amirligi malikasi | |
| Hukmdor | Amir Shohmurod (1785–1800) Amir Haydar (1800–1826) |
| Shaxsiy maʼlumotlari | |
| Tavalludi | XVIII asr Buxoro xonligi |
| Vafoti | XIX asrning 1-yarmi Buxoro amirligi |
| Fuqaroligi | |
| Turmush oʻrtogʻi | Amir Shohmurod |
| Bolalari | Amir Haydar |
| Otasi | Abulfayzxon |
Malikaning asl ismi Shamsiyabonu boʻlib, u baʼzi manbalarda Shamsmoh, Shamsbonu, Bonu Shams va Yulduzbegim nomlari bilan ham tilga olinadi. Shamsiyabonu buvisi Sitorai Mohi xossaning bunyodkorlik va xayriya ishlarini davom ettirgan, tasarrufida boʻlgan yerlarni Buxoro davlatining oliy hukmdorlari alohida eʼtibor qaratgan Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi Mozori sharif oliy madrasasi foydasiga vaqf qilgan.
Shamsiyabonu shaxsi, uning tarjimayi holi va ijtimoiy faoliyati, tarixdagi oʻrni fanda yetarlicha oʻrganilmagan. U haqida qisqacha naql qilingan oʻz davrining manbalarigina mavjud.
Manbalarda
Shamsiyabonu haqidagi qisqacha tarixiy maʼlumotlar ushbu va boshqa mualliflarda uchraydi: Abdulkarim Buxoriyning „Tarixi Nadimiy“, Miriyning „Mahazin at-taqvo“, Mirzo Shams Buxoriyning „Bayoni ba’zi havodisoti Buxoro, Xoʻqand va Qoshgʻar“, A. D. Grebenkinning „Rodoslovnaya dinastii Mangit“ („Mangʻitlar sulolsasining tarixi“), Pyotr Shubinskiyning „Ocherki Buxari“ („Buxoroning umumiy tarzda yozilgan tavsifi“), Grigoriy Gensning soʻrab-surishtiruvlar natijasida yaratilgan qoʻlyozma toʻplami, Mirzo Olim Mahdum hojining „Tarixi Turkiston“, Sayyid Muhammad Nosirning „Tuxfat az-zoirin“, Sayyid Mansur Olimiyning „Buxoro — Turkiston beshigi“, Vasiliy Bartold asarlar toʻplamining 2-jildi 1-kitobi, Anke von Kügelgenning „Legitimatsiya sredneaziatskoy dinastii mangitov v proizvedeniyax ix istorikov“ („Oʻrta Osiyolik Mangʻitlar sulolasining legitimatsiyasi ularning tarixchilari asarlarida“), Abdusattor Jumanazarning „Buxoro taʼlim tizimi tarixi“ va „Samarqand taʼlim tizimi va madrasalari tarixi“.
Asl ismi
Abdulkarim Buxoriyning „Tarixi Nadimiy“ va Mirzo Shams Buxoriyning „Bayoni ba’zi havodisoti Buxoro, Xoʻqand va Qoshgʻar“ asarida malikaning ismi tilga olinmagan. Faqatgina u Abulfayzxonning qizi, Amir Shohmurodning xotini va Amir Haydarning onasi ekanligi aytib oʻtilgan. Mirzo Shams Buxoriy oʻsha davrda ayollarni ismi bilan chaqirishdan qochilgani, u nafaqat malikaning, hattoki Amir Haydarning ukasi Mir Husaynga uzatilgan oʻz opasi ismini ham bilmasligini yozadi.
Malikaning asl ismi Shamsiyabonu boʻlganini nafaqat tarixiy manbalar, hattoki uning avlodi boʻlgan Sayyid Mansur Olimiy va hozirgacha saqlanib qolgan bir vaqf hujjati tasdiqlasada, Mirzo Olim Mahdum hojida u „Shamsmoh binti Abulfayzxon“ deb tilga olinadi. Qahramon Rajabovning bir maqolasida esa malika „Bonu Shams“ deb nomlangan. Baʼzi bir ruscha manbalarda malikaning ismi „Yulduzbegim“ boʻlgan deyiladi.
1861-yilda Rossiya imperiyasining Qozon universitetida ruschada chop etilgan Mirzo Shams Buxoriyning „Bayoni ba’zi havodisoti Buxoro, Xoʻqand va Qoshgʻar“ asari izohlar qismida, shuningdek 1892-yilda chop etilgan Pyotr Shubinskiyning „Ocherki Buxari“ („Buxoroning umumiy tarzda yozilgan tavsifi“) maqolasida malikaning ismi John Malcolmda „Yulduzbegim“, Izzatullohda — „Shamsbonu oyim“ deb kelishi taʼkidlangan va Grebenkinda „Yulduzbegim“ versiyasi qoʻllangani sababli ikkala nashrda ham shu talqinni ishlatish afzal koʻrilgan.
Kelib chiqishi
Shamsiyabonu oliy tabaqaga mansub boʻlgan — kelib chiqishi bir tarafdan Chingiziylar, ikkinchi tarafdan sayyidlar xonadoniga borib taqalgan. Oʻzbek olimi Abdusattor Jumanazar malikaning „keyingi avlodlari ismi oldiga „sayyid“ soʻzining qoʻshib yozilishi shundandir“, – deb yozadi. U tarixda „Xoni shahid“ nomi bilan mashhur boʻlgan Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxon (1711–1747) xonadonida tavallud topgan. Ikkiyoqlama — Shayboniylar va Ashtarxoniylar oʻzbek sulolalari orqali Chingizxonga tutashgan.
Bunyodkorlik va xayriya ishlaridagi hissasi
Shamsiyabonu, buvisi Sitorai Mohi xossaning bunyodkorlik va xayriya ishlarini davom ettirgan. Xususan, Abdusattor Jumanazar tadqiqotlari natijasida aniqlanishicha, u Buxoro davlatining oliy hukmdorlari alohida eʼtibor qaratgan Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi Mozori sharif oliy madrasasi uchun Shimoli Rud tumanidagi Samonchuq mavzesida 11 boʻlak yerni vaqf qilgan. Bu ishlarga guvohlik beruvchi vaqf hujjati malikaning oʻgʻli va Buxoro amirligi hukmdori Amir Haydar (1800–1826), qozi ul-quzzot Mir Abul Hasan ibn Mir Isomuddin muhrlari bilan tasdiqlangan va hozirgacha saqlanib qolgan.
Oilasi
Oliy tabaqaga mansub Shamsiyabonuning eri tarixda „Amiri Maʼsum“ („Begunoh amir“) nomi bilan mashhur Buxoro amirligi hukmdori Amir Shohmurod (1741–1800) boʻlgan. Bir manbada naql qilinishicha, sabr-qanoat qilishda hamda evi bilan sarf-xarajat qilishda oʻzining hayoti bilan oʻrnak beruvchi Amir Shohmurod, mamlakat gʻaznasidan oʻzi uchun oʻsha davrning eng kambagʻal talabasi oladigan stipendiya miqdoridan oshmaydigan 1 tangani olsa, oʻzi shundogʻam oʻzining iqtisodiy ahvoli durust boʻlgan va moyanaga muhtojligi yoʻq Shamsiyabonuga 3 tanga olib berib, baʼzi-baʼzida „koʻp beryapman“ deb undan oʻpkalab qoʻyar ekan.
Barcha manbalar ulardan yagona oʻgʻil farzand, Amir Haydar (1778–1826) tugʻilganini tasdiqlasada, 1861-yilda Rossiya imperiyasining Qozon universitetida ruschada chop etilgan Mirzo Shams Buxoriyning „Bayoni ba’zi havodisoti Buxoro, Xoʻqand va Qoshgʻar“ asari izohlar qismida Vasiliy Grigoryev ushbu turmushdan 2 ta oʻgʻil farzand, Amir Haydar hamda Mir Husaynlar dunyoga kelgani haqida notoʻgʻri maʼlumot bergan. Aslida, Amir Shohmurodning toʻngʻich farzandi Amir Haydar boʻlgan. Miriy taxallusi bilan mashhur boʻlgan tarixchi Mir Husayn esa uning Bibi Otun binti Gʻani maxdumdan tugʻilgan oʻgʻli boʻlgan.
Mirzo Olim Mahdum hoji oʻzining „Tarixi Turkiston“ asarida Shamsiyabonuning Amir Shohmuroddan oldingi turmushi Mangʻitlar sulolasining birinchi vakili Muhammad Rahimxon (1715–1758) bilan qurilganligini yozadi va bu maʼlumot undan oldin yozilgan boshqa baʼzi bir ruscha manbalarda ham uchraydi. Akademik Vasiliy Bartold Muhammad Rahim xon deb eʼlon qilinishidan oldin Abulfayzxonning qiziga uylangani, keyinchalik Muhammad Rahimning bevasi va Abulfayzxonning qizini amir Shohmurod xotinlikka olgani haqida yozadi.
Anke von Kügelgenda keltirilgan Miriyning „Mahazin at-taqvo“ asaridagi fikriga koʻra, Shohmurod Abulfayzxonning qiziga Muhammad Doniyolbiyning xohishiga koʻra uylangani ortidan otasi bilan tortishib qolgan. Uylangan yili asarda koʻrsatilmagan. Soʻfiylik yoʻlini tanlaganidan soʻng esa xotinidan voz kechgan. Bu holatdan goʻyoki Muhammad Doniyolbiy shunchalik gʻazablangan-ki, shundan keyin Shohmurod qayta uylanish uchun xiylai sharʼi ishlatishga majbur boʻlgan. Otasining vafoti va xotini unga oʻgʻil farzand, Amir Haydarni, tugʻib berganidan soʻng Shohmurod xotinidan butunlayga yuz oʻgirgan. Kügelgen xonimning tadqiqotlari natijasiga koʻra, nikohlarning bekor qilishiga doir maʼlumotlar Miriydan boshqa tarixchida uchramaydi.
Vafoti
Mirzo Shams Buxoriyga koʻra malika uzoq umr koʻrib 92 yoshda vafot etgan. Pyotr Shubinskiy unga „Ashtarxoniylarning soʻnggi vakilasi“ deb taʼrif bergan. Grigoriy Gensning soʻrab-surishtiruvlar natijasida yaratilgan qoʻlyozma toʻplamida yozilishicha, Shamsiyabonu 1822-yilda vafot etgan. Lekin, 1861-yilda Rossiya imperiyasining Qozon universitetida ruschada chop etilgan Mirzo Shams Buxoriyning „Bayoni ba’zi havodisoti Buxoro, Xoʻqand va Qoshgʻar“ asari izohlar qismida „… unda u 1730-yilda dunyoga kelishi va Amir Haydarni 47 yoshida tugʻishi kerak boʻladi“, — deb Shamsiyabonu 1822-yilda vafot etganiga shubha bildirilgan.
Izohlar
- Abdusattor Jumanazarda quyidagicha izoh yozilgan: „Imomqulixon va Nadr Muhammadxonning onasi eronlik sayyidlar xonadoniga mansub edi. Nadr Muhammadning oʻzi ham joʻyboriy Abdurahimxojaning Oyposhsha bibi ismli qiziga uylanadi. Shu sababdan muarrixlar Ashtarxoniylar va mangʻit hukmdorlarini ham chingiziy, ham sayyidlar naslidan deb qarashadi“.
- Mirzo Olim Mahdum hojining „Tarixi Turkiston“ asarida malikaning ismi „Shamsmoh binti Abulfayzxon“ deb yozilgan.
- 1861-yilda Rossiya imperiyasining Qozon universitetida ruschada chop etilgan Mirzo Shams Buxoriyning „Bayoni ba’zi havodisoti Buxoro, Xoʻqand va Qoshgʻar“ asari izohlar qismida „Amir Haydar 1777-yilda tugʻilgan.“, — deb yozilgan.
Adabiyotlar
- Jumanazar A. K. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.
- Jumanazar A. K. Samarqand taʼlim tizimi va madrasalari tarixi. Toshkent: Fan, 2021 — 520-bet. ISBN 978-9943-6804-9-4.
- Mirzo Olim Mahdum hoji. Tarixi Turkiston. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008 — 241-bet. ISBN 978-9943-08-279-3.
- Rajabov Q. K. Amir Haydar yoxud amiri sayyid // Buxoro mavjlari. — Buxoro, 2006.
- Sayyid Mansur Olimiy. Buxoro — Turkiston beshigi. Buxoro: Buxoro, 2004 — 127-bet.
- Анке фон Кюгельген. Легитимация среднеазиатской династии мангитов в произведениях их историков (XVIII—XIX вв.). Дайк-Пресс: Алматы, 2004 — 516-bet. ISBN 9965-699-20-8.
- Бартольд В. В.. Сочинения // Общие работы по истории Средней Азии // Сочинения : в 9 т. Т. 2, кн. 1.. Издательство Восточной литературы: Москва, 1963 — 1024-bet.
- Гребенкин А. Д. Родословная Мангитской династiи // Ежегодник. Материалы для статистики Туркестанского края. Выпуск III. — СПб: Издание Туркестанскаго Статистическаго Комитета, 1874.
- Мухаммад Насриддин ал-Ханафи ал-Хасани ал-Бухари. Тухфат аз-заирин. Французский Институт Иследований Центральной Азии: Ташкент, 2003 — 46-bet.
vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, yulduzbegim haqida ma’lumot. yulduzbegim nima? yulduzbegim nimani anglatadi?