Xorazmshohlar imperiyasi (خوارزمشاهیان; Xorazmshohlar Anushteginiylar davlati yoki Xorazmshohlar saltanati) qisqacha Xorazm, forsiy madaniyatga ega, sunniy musulmon imperiyasi boʻlib, uning asoschilari turkiy mamluklardan kelib chiqqan edi. Xorazmiylar 1077-yildan 1231-yilgacha hozirgi Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Eronning katta qismini boshqarganlar. Ular dastlab Saljuqiylar imperiyasi va Qoraxitoylar (Gʻarbiy Liao sulolasi) vassallari sifatida, taxminan 1172-yildan boshlab esa to 1219—1221-yillardagi moʻgʻullar istilosigacha mustaqil hukmdorlar sifatida hukmronlik qilganlar.
| Xorazmshohlar davlati خوارزمشاهیان Khwārazmshāhiyān Tugatilgan | ||||
| ||||
|---|---|---|---|---|
| ||||
| Poytaxti | Koʻhna Urganch (1097—1212) Samarqand (1212—1220) | |||
| Yirik shaharlari | Koʻhna Urganch, Marv, Samarqand, Mashhad, Hirot, Kobul, Dehiston, Xiva, Dargan, Isfahon, Balx, Nishopur, Ray, Buxoro, Jand. | |||
| Til(lar)i | turkiy (xorazmcha), forscha, arabcha | |||
| Pul birligi | Dinor | |||
| Maydoni | 4 200 000 km² (1218) | |||
| Aholisi | 20 000 000 (Turkiy xalqlar, eroniy xalqlar) | |||
| Boshqaruv shakli | Monarxiya | |||
| Sulola | Anushteginiylar | |||
| Horazmshox | ||||
| Meros boʻlib oʻtishi | ||||
| ← Saljuqiylar imperiyasi Moʻgʻullar davlati → | ||||
Davlatning tashkil topgan sanasi hamon munozarali hisoblanadi. Saltanatni boshqargan sulolaga dastlab Gʻarchiston hukmdorlarining turkiy quli, keyinchalik Saljuqiylar xizmatidagi mamluk boʻlgan Anushtegin (Gʻarachoy nomi bilan ham tanilgan) asos solgan. Biroq, Xorazmning qoʻshni davlatlardan mustaqilligini taʼminlagan shaxs Anushtegnning nabirasi Alouddin Otsiz (1127—1156 yillarda hukmronlik qilgan) boʻlgan.
Xorazmshohlar imperiyasi vaqt oʻtishi bilan Fors atrofidagi hududlarda eng qudratli davlatga aylandi. U Saljuqiylar va Gʻuriylar imperiyalarini magʻlub etib, hatto Abbosiylar xalifaligiga tahdid sola boshlagan. Taxminlarga koʻra, imperiya 3,6 million kvadrat kilometrdan 4, 2 million kvadrat kilometrgacha boʻlgan maydonni egallagan. Oʻzidan oldingi Saljuqiylar imperiyasiga oʻxshash tarzda tashkil etilgan bu davlatni asosan qipchoq turklaridan iborat ulkan otliq qoʻshin himoya qilgan. Xorazmshoh El Arson davridan (1156—1172) boshlab, Anushteginiylar Movarounnahr va Xurosonning barcha hududlarida dastlab Saljuqiylar va Qoraxitoylarningvassallari sifatida, keyinchalik esa mustaqil hukmdorlar sifatida XIII asrda Chingizxonning Xorazmga moʻgʻul bosqinigacha hukmronlik qilgan.
XII asr oxiri – XIII asr boshlariga kelib, Xorazmshohlar davlati musulmon Sharqining eng yirik va qudratli davlat birlashmasiga aylandi. Bu davlat oʻz ichiga markazi va poytaxti Gurganj (Koʻhna Urganch) boʻlgan Turkmanistonning butun hududini, shuningdek, hozirgi Oʻzbekistonning barcha yerlarini, zamonaviy Qozogʻiston, Afgʻoniston, Tojikiston va Qirgʻiziston, Eron, Iroq, Ozarbayjon hamda Suriya hududlarining bir qismini (jami taxminan 4,2 million kvadrat kilometr) qamrab olgan edi.
Xorazmshohlar imperiyasi moʻgʻullarning Markaziy Osiyoga bosqinidan oldingi soʻnggi turk-fors davlati edi. 1219-yilda moʻgʻullar oʻz hukmdori Chingizxon boshchiligida Xorazmshohlar davlatiga bostirib kirib, atigi ikki yil ichida uni toʻliq zabt etishga erishdilar. Moʻgʻullar imperiyadagi mavjud zaifliklari va ichki nizolardan foydalanib, eng boy shaharlarni qamal qildilar hamda talon-taroj qildilar. Ular mamlakat aholisini insoniyat tarixidagi eng qonli urushlardan birida shafqatsizlarcha qilichdan oʻtkazdilar.
Tarix
XI asr va XII asrning birinchi yarmida Xorazm saljuqiylar davlati (Gʻaznaviylar davlati xarobalarida XI asrda tashkil topgan) tarkibiga kirgan. Xorazmning XI asrdagi yuksalishi turkiylar sulolasiga mansub xorazmshohlar siyosati bilan uzviy bogʻliq. Mazkur sulolaga saljuq amirining tashtdori Anushtegin asos solgan. Sulton hammomchilari mahkamasining sardori boʻlgan Anushtegin Garchoi Malikshoh (1072-1092 yy.) saroyida yuksak martabaga erishgan. U rahbarlik qilgan mahkama zimmasiga Xorazmni boshqarish ham yuklangan. 1077-yilda Malikshoh Anushtegin Garchoini Xorazmga noib etib tayinlaydi va Xorazmda Anushteginlar sulolasi hukmronligi boshlanadi. Anushteginlar turkiylar sulolasidan boʻlib, oʻsha paytda, Osiyoda hukmronlik qilgan uch buyuk sulola: Anushteginlar, Saljuqiylar va Gʻaznaviylar bir negizdan kelib chiqqan. 1097-yilda Anushtegin vafot etgach, Xorazm noibi etib Ekinji ibn Qorachar tayinlanadi. Biroq u oʻsha yili noiblikdan chetlatilib, uning oʻrniga Anushteginning oʻgʻli Qutbiddin Muhammad (1097-1127 yy.) qoʻyiladi. Garchi, u „Xorazmshoh“ unvonini tiklab, shu nom bilan ulugʻlansa ham Saljuqiylarning sadoqatli noibi boʻlib qoldi. Qayta tiklangan xoramshoh mansabiga sazovor boʻlgan Anushtegin nabirasi Otsiz Xorazm mustaqilligi yoʻlida astoydil harakat qilgan. Xorazmshoh Otsiz (1127-1156 yy.) saljuq sultoni Sanjarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. U mugʻombir diplomat va qatʼiy sarkarda boʻlib, mustaqil tashqi siyosat yuritadi. Chunonchi, u oʻz hukmdori Sanjarning ruxsatisiz qipchoqlar va turkmanlarga qarshi urush boshlaydi. 12-asrning boshida Oʻrta Osiyoni sharq tomondan yangi istilochilar – qoraxitoylar bosib oladilar. Sulton Sanjar oʻzining yaqin qarindoshi boʻlgan samarqandlik qoraxoniylar xoni Mahmudga yordamga keladi. Qoraxitoylarga qarshi Samarqand yaqinida boʻlib oʻtgan jang Sanjarning toʻla magʻlubiyati bilan yakunlanadi. Xorazmshoh Otsiz Sanjarning magʻlubiyatidan ustalik bilan foydalanib 1141-yili Marvni ishgʻol etadi, 1142-yili esa Nishopurga yaqinlashadi. 1156-yili Otsiz vafot etadi va uning oʻgʻli Elarslon (1156-1172 yy.) xorazmiylar davlatini mustahkamlashni davom ettirib, Dixiston, Tus, Niso, Nishopur, Bistom, Sova, va Mashhadni sarhadlariga qoʻshib oladi 1168-yilid El Arslon qoʻshinlari Iroq Saljuqiylari Sultoni Arslonshoh qoʻshinlarini yengadi va Ray hujumdori Inonchixon Qazvin va Zanjon shaharlarini egallab Ray Qazvin va Zanjon shaharlarida Abulfath El Arslon Xorazmshoxga bogʻliqligini bildirib nomiga hutba oʻqitadi biroq 1169-yilda Inonchixon zaharlanib oʻldirilgach Sulton Arslonshoh Zanjon Qazvin va Ray shaharlarini qaytarib oladi. Elarslon oʻziga voris etib oʻgʻli Sultonshoh Mahmudni (1172-1193) tayinlaydi, biroq toʻngʻich oʻgʻli Takash ukasining hokimyatini tan olmay, unga qarshi kurash boshlaydi. Natijada toju-taxt uchun kurash boshlanadi, bu kurash 21 yil davom etib, unda Takash gʻolib keladi. Uning oʻgʻli Tekesh (1172-1200 yy.) 1187-yili Nishopurni, 1192-yili esa Marvni bosib oladi. 1194-yili gʻarbiy saljuqlar sultoni Tugʻrul III ibn Arslonshohni qaqshatqich magʻlubiyatga uchratib, Eronnni Fors Kirmonni toʻliq egallaydi va Iroqu-Ajamni yerlarini bir qismini ham egallab oladi. 1195-yili Tekesh abbosiy xalifa qoʻshinini tor-mor qilib, Iroqga bostirib kiradi. Oʻz mamlakati hududlarini ikki karra kengaytirgan va qudratli davlat barpo etgan xorazmshoh Tekeshni Xorazmning eng isteʼdodli hukmdori deb eʼtirof etish mumkin. Uning siyosati kamchiliklaridan biri qipchoq harbiy aristokratiyasiga koʻrsatilgan homiylik boʻlgan. Qipchoqlar Tekesh rafiqasi xayriohligidan foydalanib davlat ishlariga koʻproq taʼsir koʻrsatishga intilgan. Turkiy „qoʻmondonlar“ning davlat ishlariga oʻzboshimcha aralashuvi keyinchalik Tekesh oʻgʻli Muhammad zamonida Xorazm davlatining parchalanishiga sabab boʻlgan. Alovuddin Muhammad (1200-1220) davrida mamlakat hududi yanada kengadi. 1210-yilda Movarounnahrni Qoraxitoylardan tortib oladi. Uning davrida mamlakat qanchalik gullab-yashnamasin, mamlakat ich-ichidan yemirilib borgan. Xatto, sulton saroyida ham ichki nizolar avj olib, ularning boshida Turkon Xotun va qipchoqlar turgan. Sulton saroyidagi bunday nizolardan foydalangan moʻgʻullar 1219-1221-yillarda mamlakatning asosiy qismini bosib oladilar. Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi (1220-1231 yy.) 11 yil davomida Hindiston, Eron va Ozarbayjon hududlarida moʻgʻullarga qarshi mardonavor kurash olib boradi. 1231-yil avgustda Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonda halok boʻlgach, 154-yil hukmronlik qilgan Anushteginlar sulolasining hukmronlik davri tugaydi.
Keyinchalik Xorazmshohlar davtlati Saljuqiylar va Gʻuriylar davlatlarini magʻlub etib, Fors tuproqlaridagi eng qudratli hamda ulkan sarhadlarga ega davlatga aylandi. Hattoki Abbosiylar xalifaligiga ham xavf sola boshladilar. Manbalarga koʻra, 13-asr boshlarida Xorazmshohlar davlati Islom olamidagi eng qudratli davlat hisoblangan. Hisob-kitoblarga koʻra, davlat hududi 4.2 million kvadrat kilometrdan to 4.5 million kvadrat kilometergacha choʻzilgan boʻlib, mazkur ulkan sarhad davlatning tarixdagi buyuk imperiya sifatida shakllanishiga imkon bergan. Saljuqiylardan andoza olib shakllangan bu davlat asosan Oguz va Bijanak turklaridan tarkib topgan ulkan harbiy boʻlinma tomonidan idora etilgan.
Moʻgʻul bosqinchilariga qarshi urush
Xorazmshohlar
| Xorazmshohlar | ||
|---|---|---|
| Ism | Hukmronlik yillari | Tituli |
| Ekinchi | 1097 | Xorazmshoh |
| Qutbiddin Muhammad I | 1097—1127 | Xorazmshoh |
| Alovuddin Otsiz | 1127—1138, 1139 – 1156 | Xorazmshoh mustaqillikka erishib, turkmanlarni, qipchoqlarni, Sirdaryo quyi oqimini hamda Mangʻishloqni oʻz hukmronligi ostiga oldi. |
| Sulaymonshoh | 1138—1139 | Xorazmshoh |
| Tojiddin Il-Elarslon | 1156—1172 | Xorazmshoh |
| Jaloliddin Sultonshoh | 1172 | Xorazmshoh |
| Alovuddin Takash | 1172—1200 | Xorazmshoh |
| Alovuddin Muhammad II | 1200—1220 | Xorazmshoh |
| Jaloliddin Manguberdi | 1217—1220 1220 – 1231 | Gʻazna, Bomiyon va Gʻur sultoni. Xorazmshoh |
Yana qarang
- Eng buyuk 16 ta turkiy davlatlar
- Xorazm
- Sunniy sulolalar roʻyxati
Izohlar
Adabiyotlar
- Babayan, K.. Mystics, monarchs, and messiahs: cultural landscapes of early modern Iran. Harvard Center for Middle Eastern Studies, 2003.
- Bosworth, Clifford Edmund (1978). "K̲h̲wārazm-S̲h̲āhs". in van Donzel, E.. Encyclopaedia of Islam. Volume IV: Iran–Kha (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. OCLC 758278456. https://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/khwarazm-shahs-SIM_4206.
- Bosworth, Clifford Edmund (1984). "Āl-e Maʾmūn". Encyclopaedia Iranica, Vol. I, Fasc. 7. 762–764 b. https://www.iranicaonline.org/articles/al-e-mamun.
- Katouzian, Homa. Iranian History and Politics: The Dialectic of State and Society. Routledge, 2007. ISBN 978-0415297547.
- Kuznetsov, Andrew; Fedorov, Michael (2013). "Late Drachms of the Khwārazmshāh Azkājvār and Imitations of such Drachms". Iran: Journal of the British Institute of Persian Studies (Taylor & Francis) 51 (1): 145–149.
- Ziyo Bunyodov. Xorazmshohlar-Anushteginiylar davlati. 1097—1231.. М.: Fan, Sharq adabiyoti bosh muharriri, 1986.
- Bosworth, Clifford Edmund (1986). "Anuštigin Ĝarčāī". Encyclopaedia Iranica, Vol. II, Fasc. 2. p. 140. http://www.iranicaonline.org/articles/anustigin-garcai-slave-commander.
- Bosworth, Clifford Edmund (2008). "Khwarazmshahs i. Descendants of the line of Anuštigin". in Yarshater, Ehsan. Encyclopædia Iranica, Volume XIV: Isfahan IX–Jobbāʾi. London and New York: Routledge & Kegan Paul. ISBN 978-1-934283-08-0. https://www.iranicaonline.org/articles/khwarazmshahs-i.
- Almaz Yazberdiev: Gurganj – Sharqning oʻrta asrlardagi ilmiy va madaniy markazi – Ashxobod shahri, Turkmaniston davlat nashriyot xizmati, 2018-yil.
- J. Allayorova. Xorazmshohlar-Anushteginiylar turkman davlatining siyosiy va iqtisodiy tarixi. – Ashxobod shahri, Turkmaniston davlat nashriyot xizmati, 2024-yil.
vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, xorazmshohlar davlati haqida ma’lumot. xorazmshohlar davlati nima? xorazmshohlar davlati nimani anglatadi?
