Rizamat Musamuhamedov (1881-yil 21-fevral, Toshkent, Turkiston general-gubernatorligi, Rossiya imperiyasi – 1979-yil 13-mart, Qibray, Toshkent viloyati, Oʻzbek SSR, SSSR) – taniqli oʻzbek sohibkori, uzumchilik ustasi. Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1962). Stalin mukofoti laureati (1952). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi faxriy akademigi (1957—1961). Lenin ordeni sohibi (1962).Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan agronom (1971). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sohibkor (1935).
| Rizamat Musamuhamedov | |
|---|---|
![]() | |
| Tavalludi | 21-fevral 1881-yil |
| Vafoti | 13-mart 1979-yil (98 yoshda) Qibray, Toshkent viloyati, Oʻzbek SSR, SSSR |
| Fuqaroligi | |
| Kasbi | agronom |
| Mukofotlari | |
Hayoti
Rizamat Musamuhamedov ish faoliyatini 1895-yildan „Degrez“ uzumchilik xoʻjaligidan boshlaydi. 1914-yildan 1922-yilgacha „Kengsoy“ fermer xoʻjaligida uzumchi, bosh mutaxassis sifatida ishlaydi. 1922—1947-yillarda „Oqqovoq“ stansiyasida ham uzumchi boʻlib ishlagan.
1947-yildan 1950-yilgacha Toshkent viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi instruktori boʻlib ishlaydi. 1950-yilda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligining uzumchilik boʻyicha bosh agronomi etib tayinlanadi.
Musamuhamedovning rahbarligida Oʻrta Osiyoda 3600 gektardan ortiq tokzor va bogʻlar barpo etilgan. Oʻndan ortiq uzum navlarini yaratgan.
Sohibkorning 1939-yilda „Tokchilik boʻyicha qoʻllanma“, 1959-yilda „Moʻl uzum hosili yetishtirishdagi tajribalarim“ nomli kitoblari nashr etilgan.
Vafoti
Rizamat Musamuhamedov 1979-yil 13-mart sanasida 98 yoshida vafot etgan va Toshkent shahrida joylashgan Yalongʻoch-2 qabristoniga dafn qilingan.
Mukofotlari
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1962-yil 5-noyabrdagi farmoni bilan „Uzumchilikni rivojlantirish, uzumzorlarni yetishtirishning ilgʻor usullarini ishlab chiqish, kolxoz va sovxozlarda uzumchilarni tayyorlashda katta xizmatlari uchun“ Sotsialistik Mehnat Qahramoni mukofoti bilan taqdirlangan.
3 marta Lenin ordeni, Oktyabr inqilobi ordeni, 2 karra Mehnat Qizil Bayroq ordeni, „Shon-sharaf belgisi“ ordeni, uchta SSSR medali, 7 ta oltin, 3 ta kumush, 7 ta bronza medali bilan taqdirlangan.
Xotirasi
Musamuhamedov haqida „Gulga burkangan hayot“ (1961), „Rizamat otaning 100 bahori“ hujjatli filmlari yaratilgan. Toshkent viloyati Qibray tumanidagi uzumchilik, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi bogʻdorchilik-uzumchilik shirkat xoʻjaliklariga, Toshkent shahridagi koʻchalardan biriga Musamuhamedov nomi berilgan.
Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik institutida chiqarilgan va Oʻzbekiston, Tojikistonda rayonlashtirilgan serhosil tok navi Musamuhamedov sharafiga Rizamat deb atalgan.
2021-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanidagi saylovchilar bilan uchrashuvda Rizamat Muhammedov haqida shunday fikr bildirgan:
Rizamat ota Musamuhamedovning uzumchilik sohasidagi natijalari Fransiya, Bolgariya, Vengriya, Italiya kabi koʻplab davlatlarda ham, bugun keng qoʻllanayotgani barchamizga iftixor bagʻishlaydi. Ana shunday usta sohibkorning xotirasini abadiylashtirish maqsadida, Parkent tumanida Rizamat Musamuhamedov nomidagi Uzumchilik ilmiy-amaliy markazini tashkil qilsak, har yili xalqimiz, xorijiy mehmonlar va sayyohlar ishtirokida Uzum sayli oʻtkazish anʼanasini yoʻlga qoʻysak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, rizamat musamuhamedov haqida ma’lumot. rizamat musamuhamedov nima? rizamat musamuhamedov nimani anglatadi?
