Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Konstitutsiya atamasi fransuz tili orqali fanga va jamiyatga kirib kelgan lotincha „constitutio“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, imperator qonunlari kabi qoidala

Konstitutsiya

Etimologiyasi

Konstitutsiya atamasi fransuz tili orqali fanga va jamiyatga kirib kelgan lotincha „constitutio“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, imperator qonunlari kabi qoidalar va buyruqlar uchun ishlatiladi. Konstitutsiya barcha davlatlar uchun qadimdan oliy qonun bo'lib xizmat qilgan.

Umumiy xususiyatlari

Umuman olganda, har bir zamonaviy yozma konstitutsiya tashkilot yoki institutsional birlashmaga konstitutsiya cheklovlariga rioya qilishning asosiy sharti asosida oʻrnatilgan muayyan vakolatlarni beradi. Skott Gordonning fikriga koʻra, siyosiy tashkilot „Fuqarolarning, shu jumladan ozchilikda boʻlishi mumkin boʻlgan manfaatlar va erkinliklarni himoya qilish uchun hokimiyat nazoratining institutsionallashtirilgan mexanizmlarini oʻz ichiga olgan“ darajada konstitutsiyaviy hisoblanadi.

Yana qarang

Yangi Konstitutsiya

2023-yil 1-maydan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, aytish mumkinki, 65 foizga yangilandi. Konstitutsiyaga 10 ta asosiy o‘zgartish kiritildi.

Bunga qadar 1992-yildan buyon konstitutsiyaga jami 15-marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa, o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sababli, hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi.

Konstitutsiyaga kiritilgan eng muhim o‘nta o‘zgarishlar quyidagilardir:

1.    O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirildi:

·            O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.

     Yangi Konstitutsiyaning 154-moddasi bilan, 1-moddadagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi shuningdek,

154-moddaning o‘zidagi aynan shu qoidadan iborat band ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.

      Mazkur konstitutsiyaviy normaning ahamiyati shundaki, O‘zbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.

2.    Konstitutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi. 15-moddaga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shildi:

·            O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan–to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.

     Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi.

3.     Imtiyozlar qonunda yozib qo‘yilishi shart emas. Yangi Konstitutsiyaning 19-moddasi (avvalgi 18-modda) – fuqarolarning jinsi, millati, mavqeyi va hokazolardan qat'i nazar, qonun oldida tengligini belgilab beradi. Bu moddaning ikkinchi qismiga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi:

   Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.

O‘zgartishdan avval u “Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”, ko‘rinishida edi.

     Aytish mumkinki, shu paytgacha turli jabhalardagi imtiyoz va preferensiyalar nafaqat qonunlar asosida, balki ko‘p holatlarda qonunosti hujjatlari – qaror va farmonlar asosida ham belgilanib kelinayotgan edi. Endi bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

4.    Barcha noaniqliklar – inson foydasiga. Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:

    Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

   Endilikda, agar qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.

Shuningdek, hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda, masalan pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.

5.    Inson huquqlari ijtimoiy axloq va jamoat tartibini saqlash maqsadida cheklanishi mumkin. Huquq va erkinliklarning cheklanishi tartibga solingan ilgarigi ikkita normadan tashqari, endi uchinchi norma ham qo‘shildi:

  Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta'minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.

   Huquqlar cheklanishiga doir me'yorlar, yangi Konstitutsiyaning boshqa bir moddasiga asosan, so‘z erkinligi huquqiga ham tegishli. Ya'ni axborot izlash, olish va tarqatish huquqi faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini ta'minlash, davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida cheklanishi mumkin.

6.    O‘qituvchilar haqida alohida modda kiritildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 52-moddasi ikki banddan iborat:

·           O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma'naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e'tirof etiladi.

·        Davlat o‘qituvchilarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

    Aytish lozimki, o‘qituvchilar huquq sohasidan boshqa, oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi.

7.    Yerning xususiy mulk bo‘lishi. O‘zbekistonda 2022 yildan e'tiboran qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlangan edi, o‘tgan yili e'lon qilingan yangi Konstitutsiya loyihasining birlamchi versiyasida esa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligiga ishora qilingan edi. Qabul qilingan Konstitutsiyadan bunday cheklov olib tashlandi va yerni xususiylashtirishga oid norma quyidagicha o‘zgartirildi:

   Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta'minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin.

8.    OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Yangi Konstitutsiyadagi bu bob ikkita moddadan iborat:

    Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

OAV faoliyatiga to‘sqinlik uchun javobgarlik konstitutsiya darajasida belgilandi.

9.    Davlat boshqaruvida bir qancha o‘zgartirishlar qilindi:

    Birinchidan, Prezidentning vakolat muddati 7-yil bo‘ldi.

    Ikkinchidan, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodini endi prezident taqdim etadi, senatorlar soni esa 100 nafardan 65 nafarga tushirildi. 14 ta hududdan 6 nafardan emas, 4 nafardan senator saylanishi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni 16 nafardan 9 nafarga qisqarishi belgilab qo‘yildi.

    Uchinchidan, Bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumi bildirishda Senatning ishtiroki bekor qilindi. Endilikda buning uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismi ovoz berishi yetarli hisoblanadi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi hukumat a'zolarini iste'foga chiqarish to‘g‘risida prezidentga taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ldi.

   To‘rtinchidan, korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini prezident taqdimiga binoan saylash Senatning vakolatiga kiritildi. Senat, shuningdek, prezident taqdimiga binoan eng yuqori rangdagi sud mansabdorlarini saylaydi, bosh prokuror va Hisob palatasi raisligiga nomzodlarni ko‘rib chiqib ma'qullaydi, DXX raisligiga nomzod bo‘yicha prezident bilan maslahatlashuv o‘tkazadi, Markaziy bank raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, xorijdagi asosiy diplomatlarni tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, mahalliy kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega bo‘ldi.

   Beshinchidan, Qonunchilik palatasi qonunlar bo‘yicha qo‘shimcha vakolat oldi, endilikda Senat qonunni ma'qullash yoki rad etish to‘g‘risida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi qonunni prezidentga yuboradi. Qonunlarning prezident tomonidan imzolanishi va e'lon qilinishi uchun belgilangan muddat 30 kundan 60 kunga uzaytirildi. Prezident tomonidan qaytarilgan qonun parlament palatalari tomonidan yana qabul qilingan taqdirda, prezidentning bu qonunni imzolash va e'lon qilish muddati o‘zgarishsiz (14 kun) qoldirildi.

   Oltinchidan, Prezident muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlashga haqli ekani belgilandi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatga, palata a'zolarining kamida uchdan ikki qismining ovozi bilan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berildi. Jiddiy voqealar ro‘y berganida, ikki palata qo‘shma qaror qabul qilgan holda parlament tekshiruvi o‘tkazishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

    Yettinchidan, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylaydi.

    Bir shaxsning surunkasiga ikki martadan ortiq bitta lavozimni egallashi mumkin emasligi haqidagi qoida, prezidentdan tashqari, Senat raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Oliy sud raisi va o‘rinbosari, Sudyalar oliy kengashining raisi va o‘rinbosari, Markaziy saylov komissiyasi raisi, bosh prokuror, hokimlar va kengashlar raislariga nisbatan ham tatbiq etiladigan bo‘ldi.

10.  Mahalliy davlat hokimiyatidagi o‘zgarishlar. Hokimlar kengash raisligidan ketadi.

     Shuningdek, Konstitutsiyaga quyidagi boshqa ko‘plab normalar ham qo‘shildi:

·        O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi.

·        Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

·        Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

·        Har kim o‘z shaxsiga doir noto‘g‘ri ma'lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma'lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.

·        Davlat internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Ko‘rinib turibdiki, Konstitutsiyaning Birinchi bo‘limi 1-bobi Davlat suvereniteti, 2-bobi Xalq hokimiyatchiligi, 3-bobi Konstitutsiya va qonunning ustunligi va 4-bobi Tashqi siyosat prinsipiga bag‘ishlangan.

     Xususan, “Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan ikkinchi bo‘limi keng boyitildi. Bu bilan mamlakatimiz Prezidenti SH.Mirziyoev olib borayotgan davlat boshqaruvidagi “Insonni rozi qilish” siyosati Konstitutsiya darajasiga olib chiqildi.

   Yangilangan Konstitutsiyada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasidagi jami 30-moddaning butun mazmun-mohiyati o‘z aksini topdi.

Darhaqiqat, Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari o‘zining mazmun-mohiyatiga ko‘ra davlat tuzilishi va uning mavjudligini muhim shartidir.

   Davlat tuzilishida ushbu prinsiplarning barchasi bo‘lishi shart. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining hayotga tatbiq etish, ya'ni, “Inson qadri uchun” degan davlat siyosatini ustuvor tamoyilga aylantirishdir.

  1. „https://qashqadaryo-mamuriy.sud.uz/%D1%8F%D0%BD%D0%B3%D0%B8-%D0%BA%D0%BE%D0%BD%D1%81%D1%82%D0%B8%D1%82%D1%83%D1%86%D0%B8%D1%8F%D0%B2%D0%B8%D0%B9-%D1%9E%D0%B7%D0%B3%D0%B0%D1%80%D0%B8%D1%88%D0%BB%D0%B0%D1%80%D0%BD%D0%B8%D0%BD%D0%B3/“.

vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, konstitutsiya haqida ma’lumot. konstitutsiya nima? konstitutsiya nimani anglatadi?

Yuqori