Formula 1 (F1) — ochiq g‘ildirakli, bir o‘rindiqli “formula” poyga avtomobillari uchun dunyo miqyosidagi eng yuqori toifa bo‘lib, u Xalqaro avtomobil federatsiyasi (fr. Fédération Internationale de l'Automobile) tomonidan tasdiqlanadi. FIA Formula 1 jahon chempionati (FIA Formula One World Championship) 1950-yildagi ilk mavsumidan beri dunyodagi eng nufuzli avtosport turlaridan biri bo‘lib kelmoqda va ko‘pincha avtosportning cho‘qqisi sifatida qaraladi. Nomdagi “formula” so‘zi — barcha ishtirokchi avtomobillar rioya qilishi shart bo‘lgan texnik va sport qoidalar majmuasini anglatadi. Formula 1 mavsumi “Gran-pri” deb ataluvchi poygalar seriyasidan iborat bo‘ladi. Gran-prilar bir nechta mamlakatlar va qit’alarda, maxsus qurilgan poyga yo‘llarida yoki yopilgan shahar ko‘chalarida o‘tkaziladi.
![]() Formula 1 ning 2018-yildan beri foydalanilayotgan logotipi | |
| Turkum | ochiq g‘ildirakli, bir o‘rindiqli Formula avtomobil poygasi |
|---|---|
| Davlat | xalqaro |
| Ilk mavsum | 1950 |
| Haydovchilar soni | 20 |
| Konstruktorlar soni | 10 |
| Dvigatel ishlab chiqaruvchilari |
|
| Shina yetkazib beruvchilar | Pirelli |
| Haydovchilar chempioni | (Red Bull Racing-Honda RBPT) |
| Konstruktorlar chempioni | |
| Eng koʻp gʻalaba |
|
| Rasmiy vebsayt | formula1.com |
Gran-prilarda ochko tizimi qo‘llanadi va u ikkita yillik jahon chempionatining g‘oliblarini aniqlash uchun ishlatiladi: biri — haydovchilar uchun, ikkinchisi — konstruktorlar (hozirgi paytda bu atama deyarli jamoalar bilan sinonim) uchun. Har bir haydovchi FIA tomonidan beriladigan eng yuqori toifadagi poyga litsenziyasi — Superlitsenziyaga ega bo‘lishi shart. Shuningdek, poygalar faqat FIA tomonidan beriladigan eng yuqori toifa bo‘lgan Birinchi toifadagi trassalarda o‘tkaziladi.
Formula 1 avtomobillari — dunyodagi eng tezkor, qat’iy qoidalarga bo‘ysunuvchi yo‘l trassalari avtomobillaridir. Ularning burilishlardagi yuqori tezligi katta hajmdagi aerodinamik pastga bosim hosil qilish orqali ta’minlanadi, bu bosimning asosiy qismi old va orqa qanotlar hamda avtomobil osti tunnel tuzilmalaridan olinadi. Mashinalar ishlashi elektronika, aerodinamika, osma tizim va shinalarga tayanadi. Tortish kuchini boshqarish, startni avtomatlashtirish, avtomatik uzatish tizimi va boshqa elektron yordamchilar birinchi marta 1994-yilda taqiqlangan. Ular 2001-yilda qisqa muddatga qayta joriy etilgan, ammo so‘nggi marta mos ravishda 2004 va 2008-yillardan boshlab yana taqiqlangan.
2018-yil holatiga ko‘ra, jamoani yuritishning o‘rtacha yillik xarajati — masalan, avtomobillarni loyihalash, qurish va texnik xizmat ko‘rsatish, xodimlar ish haqi, transport xarajatlari qariyb £193 millionni tashkil etadi. Shu sababli, Formula 1’dagi moliyaviy va siyosiy kurashlar keng yoritib kelinadi. Formula One Group, 2017-yilda CVC Capital Partners xususiy investitsiya kompaniyasidan 8 milliard AQSh dollari evaziga sotib olgan Liberty Media kompaniyasiga tegishli. Buyuk Britaniya Formula 1 poygalari markazi hisoblanadi, chunki o‘nta jamoaning oltitasi shu yerda joylashgan.
Tarixi
Formula 1 ning ildizi 1925–1930-yillardagi Jahon ishlab chiqaruvchilar chempionati va 1931–1939-yillardagi Yevropa haydovchilar chempionatiga borib taqaladi. “Formula” atamasi barcha ishtirokchilarning avtomobillari bajarishi shart boʻlgan qoidalar majmuasini anglatadi. Formula 1 qoidalari 1946-yilda kelishilgan bo‘lib, 1947-yilda rasmiy kuchga kirishi belgilangan edi. Biroq, ushbu yangi qoidalarga muvofiq oʻtkazilgan birinchi poyga 1946-yilda boʻlib oʻtgan Turin Gran-prisi boʻlib, bu formulaning rasman boshlanishidan avval oʻtkazildi. Ikkinchi jahon urushi oldidan bir qator Gran-pri poyga tashkilotlari Yevropa chempionatining oʻrniga yangi chempionat tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritgan edi. Biroq urush davrida poygalar to‘xtatilgani sababli avtomobillar uchun yangi xalqaro formula 1946-yilgacha rasmiylashtirilmadi va uning 1947-yilda kuchga kirishi belgilandi. Yangi jahon chempionati esa 1950-yilda boshlanishi rejalashtirildi.
Ilk jahon chempionati poygasi hisoblanmish 1950-yilgi Britaniya Gran-prisi 1950-yil 13-mayda Buyuk Britaniyadagi Silverstone trassasida boʻlib oʻtdi. Giuseppe Farina Alfa Romeo jamoasi safida qatnashib, jamoadoshi Juan Manuel Fangioni ozgina farq bilan ortda qoldirib, ilk Haydovchilar jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi. Fangio 1951, 1954, 1955, 1956 va 1957-yillarda chempion bo‘ldi. Bu natija bir haydovchi tomonidan qo‘lga kiritilgan eng ko‘p jahon chempionliklari rekordi bo‘lib, u 46 yil davomida saqlanib qoldi. 2003-yilda Michael Schumacher oltinchi chempionligini qo‘lga kiritgach, ushbu rekord yangilandi.
1958-yilgi mavsumda Konstruktorlar chempionati joriy etildi. Stirling Moss 1950–1960-yillarning eng buyuk Formula 1 haydovchilaridan biri sifatida eʼtirof etilsa-da, hech qachon Formula 1 chempionatida gʻolib chiqmagan. 1955–1961-yillar oraligʻida Moss toʻrt marta chempionatda ikkinchi, qolgan uch mavsumda esa uchinchi oʻrinni egallagan. Fangio ishtirok etgan 52 poyganing 24 tasida gʻalaba qozongan, bu hanuzgacha Formula 1 da bir haydovchiga tegishli eng yuqori gʻalaba foizi boʻyicha rekord hisoblanadi. 1960–1970-yillarda Janubiy Afrika va Buyuk Britaniyada milliy chempionatlar mavjud bo‘lgan. Tashkilotchilar ko‘p yillar davomida chempionatga kirmaydigan Formula 1 musobaqalarini ham o‘tkazgan. Musobaqa xarajatlarining ortib borishi tufayli bunday poygalarning so‘nggisi 1983-yilda o‘tkazilgan.
Bu davrda Alfa Romeo, Ferrari, Mercedes-Benz va Maserati kabi avtomobil ishlab chiqaruvchilari boshqaradigan jamoalar faoliyat yuritgan. Dastlabki mavsumlarda Alfa Romeoning 158 modeli kabi urushdan oldingi avtomobillar ishtirok etgan bo‘lib, ular old dvigatelli, tor shinali va 1,5 litrli kompressorli yoki 4,5 litrli tabiiy havo so‘ruvchi dvigatellarga ega edi. 1952 va 1953-yilgi mavsumlar Formula 1 avtomobillari yetishmasligi xavotiri sababli kichikroq va kamroq quvvatli avtomobillar uchun mo‘ljallangan Formula 2 qoidalari asosida o‘tkazilgan. 1954-yilgi jahon chempionati uchun dvigatel hajmi 2,5 litr bilan cheklangan yangi Formula 1 reglamenti qayta joriy etilganda, Mercedes-Benz o‘zining W196 modelini taqdim etdi. Unda ilgari hech bir Formula 1 avtomobilida qo‘llanilmagan texnologiyalar — desmodromik klapanlar, yoqilg‘i purkash tizimi va aerodinamik yopiq kuzov mavjud edi. Mercedes haydovchilari keyingi ikki yil davomida chempionlikni qo‘lga kiritdi, biroq jamoa 1955-yilgi Le-Man fojiasidan so‘ng barcha motorli sport musobaqalaridan chiqib ketdi.
Texnologik rivojlanishlar
Sportdagi ilk yirik texnologik yangilik Bugatti tomonidan orqa (markaziy) dvigatelli avtomobillarning joriy etilishi bo‘ldi. 1959, 1960 va 1966-yillarda jahon chempioni bo‘lgan Jack Brabham tez orada markaziy dvigatel joylashuvining barcha boshqa dvigatel joylashuvlariga nisbatan ustunligini isbotladi. 1961-yilga kelib barcha jamoalar markaziy dvigatelli avtomobillarga o‘tgan edi. Ferguson P99 — to‘rt g‘ildirakdan tortuvchi tuzilishga ega bo‘lgan va jahon chempionati poygasida qatnashgan so‘nggi old dvigatelli Formula 1 avtomobili bo‘ldi. U 1961-yilgi Britaniya Gran-prisida ishtirok etgan bo‘lib, o‘sha yili musobaqaga chiqqan yagona old dvigatelli avtomobil edi.
1962-yilda Lotus an’anaviy karkasli (space-frame) tuzilma o‘rniga alyuminiy plitalardan tayyorlangan monokok shassiga ega avtomobilni taqdim etdi. Bu, markaziy dvigatelli avtomobillar joriy etilganidan beri eng katta texnologik yutuq bo‘ldi.
1968-yilda sportda homiylik joriy etildi. Team Gunston o‘zining Brabham avtomobillarida sigaret homiyligini qo‘llagan birinchi jamoa bo‘ldi. Ular 1968-yil 1-yanvarda o‘tkazilgan Janubiy Afrika Gran-prisida Gunston sigaretalari ranglari — to‘q sariq, jigarrang va oltin tuslarda, mustaqil ravishda ishtirok etgan. Besh oy o‘tib, Lotus 1968-yilgi Ispaniya Gran-prisida avtomobillarini Imperial Tobacconing Gold Leaf uslubidagi qizil, oltin va oq ranglarga bo‘yab poygaga chiqdi va shu tariqa homiylik ranglaridan foydalangan ilk rasmiy ishlab chiqaruvchi jamoaga aylandi; bunga qadar ular britancha poyga yashili (British racing green) rangida qatnashib kelgan edi.
1968-yilgi mavsumda aerofoillarning paydo bo‘lishi bilan avtomobil dizaynida aerodinamik bosim asta-sekin muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Qanotlarni Lotus egasi Colin Chapman joriy etgan bo‘lib, u 1968-yilgi Monako Gran-prisida o‘zining Lotus 49B avtomobiliga kichik old qanotlar va orqa spoyler o‘rnatgan. 1970-yilda Jim Hallning Chaparral 2J modelida qo‘llangan, keyinchalik 1970-yillarning oxirida Lotus tomonidan Formula 1 da tatbiq etilgan yer-effekti (ground-effect) aerodinamikasi esa pastga katta bosim hosil qilib, burilish tezliklarini sezilarli darajada oshirdi. Avtomobillarni trassaga bosib turuvchi aerodinamik kuchlar mashina og‘irligidan besh baravargacha yetardi. Natijada, doimiy balandlikni saqlash uchun juda qattiq prujinalar ishlatilgan, bu esa osma tizimini deyarli qotib qolgan holga keltirgan. Bu shuni anglatardiki, haydovchilar mashina va o‘zlarini yo‘l yuzasidagi notekisliklardan ozgina bo‘lsa ham himoyalash va yumshatish uchun butunlay shinalarga tayanishga majbur bo‘lishgan.
vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, formula bir haqida ma’lumot. formula bir nima? formula bir nimani anglatadi?
