Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Togʻay Murod (taxallusi; asl ism-sharifi - Mengnorov Togʻaymurod) (1948-yil, 3-fevral — Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Xoʻjasoat qishlogʻi — 2003-yil 27-m

Togʻay Murod

Togʻay Murod (taxallusi; asl ism-sharifi - Mengnorov Togʻaymurod) (1948-yil, 3-fevral — Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Xoʻjasoat qishlogʻi — 2003-yil 27-may, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1999).

Togʻay Murod
Tavalludi 1948-yil, 3-fevral
Vafoti 2003-yil, 27-may

Qishlogʻidagi 43-maktabni bitirgach (1966), Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida oʻqigan (1966–1972). U respublika radiosida muharrir (1972–1976), „Oʻzbekiston fizkulturachisi“ gazetasida tarjimon (1976–1978), „Fan va turmush“ jurnalida boʻlim muharriri (1982–1984) boʻlgan. 1985–1987-yillarda Moskvadagi Adabiyot institutida oʻqigan.

Ijodi

Dastlab kichik hikoyalari, ocherklari eʼlon qilingan. 1976-yilda bosilgan „Yulduzlar mangu yonadi“ nomli ilk qissasi bilan yaxshi yozuvchi sifatida tanildi. 1979-yilda „Ot kishnagan oqshom“, 1980-yilda „Oydinda yurgan odamlar“, 1985-yilda yozuvchining „Momo yer qoʻshigʻi“ qissalari chop etildi. Keyingi qissasi uchun yozuvchi Oybek nomidagi mukofot bilan taqdirlandi. Ularda halol, oqkoʻngil, toʻgʻrisoʻz, mard oʻzbek kishilarining betakror obrazlari yaratilgan. Oʻzbek adabiyotining yutugʻi sifatida eʼtirof etilgan bu qissalar tilining shoirona jozibadorligi, xarakterlarning yorqinligi, milliy ruhi bilan ajralib turadi. Togʻay Murod oʻzbek va jahon adabiyotining eng yetuk anʼanalarini muvaffaqiyat bilan davom ettirgan.

Romanlari

„Otamdan qolgan dalalar“ (1993) romanida Oʻzbekistonning mustamlakaga aylanishi hamda kecha-yu kunduz mehnat qilib, yashayotgan oʻzbek dehqonlarining mustabid tuzum yillaridagi ogʻir va qiyin hayoti, iztiroblari hayotiy lavhalarda haqqoniy tasvirlab berilgan. Asardagi Dehqonqul oʻzbek mehnatkashlarining umumlashgan obrazi darajasiga koʻtarilgan. U boshiga yogʻilgan minglab musibatlarga chidab yashashga majbur boʻlsada, oʻz insoniy shaʼni, qadr-qimmatini baland tutadi, mustamlakachilarning yugurdaklarini ayovsiz fosh etadi. Asar asosida badiiy film yaratilgan (1998). „Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi“ romanida (2001) ham oʻz ijodiy mezonlariga sodiq qolib, yolgʻon eʼtiqodlar, soxta shiorlarga aldanib, hayotini yelga sovurgan sobiq firqa rahbarlarining majoziy obrazlarini hajviy boʻyoqlarda tasvirlagan.

Tarjimalari

Togʻay Murod tarjimonlik sohasida ham ijod qilgan. U Jek Londonning „Boyning qizi“ dramasi va hikoyalarini, E. Seton Tompsonning „Yovvoyi yoʻrgʻa“ qissasini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Asarlari

  • „Ot kishnagan oqshom“. Qissalar. T.: „Sharq“, 1996
  • „Otamdan qolgan dalalar“. Roman. T.: „Sharq“, 1994.
  • „Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi“. Roman, hikoyalar, maqolalar. T.: „Sharq“, 2001.

Adabiyotlar

  • Normatov U. Kechmishdan qolgan armonlar. „Xalq soʻzi“ gazetasi, 16-iyul, 1993-yil.
  • Solijonov Y. Erkinlikning ilk qaldirgʻochi. „Oʻzbekiston adabiyot va san'at“ gazetasi, 5-avgust 1994-yil.
  • Said Ahmad. Togʻay Murod qoʻshiqlari. Kitob: Said Ahmad. Tanlangan asarlar. 3-jild, T.: „Sharq“, 2000, 238–242 betlar.
  • Rahmon Qoʻchqor. „Oʻtgan kunlar“ning davomi… „Milliy tiklanish“ gazetasi, 5 dekabr 1995 yil.

vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, togʻay murod haqida ma’lumot. togʻay murod nima? togʻay murod nimani anglatadi?

Yuqori