Najmiddin Komilov (05.10.1937 – 26.04.2012) – o‘zbek adabiyotshunosi, tarjimashunos olim, tarjimon, filologiya fanlari doktori (1988), professor (1991).
Hayoti
Yoshligi
Najmiddin Komilov 1937-yili 5-oktyabrda Tojikiston Respublikasi Panjikent tumanida tug‘ilgan.
Ta’limi
U 1965-yilda SamDUning filologiya fakultetini tugatgan. 1967–1970-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qiydi. 1970-yilda G‘aybulla Salomov ilmiy rahbarligida ,,Muhammadrizo Ogahiyning tarjimonlik mahorati” mavzuida nomzodlik, 1988-yili ,,Xorazm tarjima maktabi (XIX asr tarjima tarixini tipologik va qiyosiy tadqiq etish muammolari)” mavzuida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. 1991-yili ,,professor” ilmiy unvonini olgan.
Mehnat faoliyati
- 1970–1971-yillarda O‘zbek sovet ensiklopediyasi Bosh tahririyatida katta muharrir;
- 1971–1993-yillarda ToshDU (hozirgi O‘zMU)da katta o‘qituvchi, dotsent, professor;
- 1993–1994-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida kafedra mudiri;
- 1994–1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida konsultant;
- 1995–1999-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor;
- 1999–2001-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi;
- 2001-yildan to umrining oxirigacha Davlat va qurilish akademiyasida dinshunoslik kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ilmiy-ijodiy faoliyati
Najmiddin Komilov ilmiy merosini Xorazm tarjima maktabini, xususan, Ogahiyning tarjimonlik mahoratini, Sharq mumtoz adabiyoti va tasavvuf masalalarini tadqiq etish tashkil etadi. U 300dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqola muallifi. Najmiddin Komilov qariyb 40 yil davomida oliy o‘quv yurtlari talabalariga tarjima tarixi, tarjima nazariyasi va amaliyoti, o‘zbek mumtoz adabiyoti, tasavvuf ta’limoti, uning falsafiy asoslari fanlaridan saboq bergan. Uning ilmiy rahbarligida 1 kishi fan doktorlik, 14 kishi nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.
Kitoblari
- ,,Tarjimon mahorati” (hammualliflikda, 1979);
- ,,Do‘stlik ko‘priklari” (G‘aybulla Salomov bilan hammualliflikda, 1979);
- ,,Ibn Sino va Dante” (1983);
- ,,Bu qadimiy san’at” (1985);
- ,,G'oyiblar xaylidan yongan chiroqlar" (1994);
- ,,Najmiddin Kubro” (1995);
- ,,O‘zbek adabiyoti. 9-sinf uchun majmua” (Boqijon To‘xliyev bilan hammualliflikda, 1997);
- ,,Tavhid asrori” (1999);
- ,,Tafakkur karvonlari” (1999);
- ,,Islom – ma’rifat dini” (2000);
- ,,Faqr nuri porlagan qalb” (2001);
- ,,Komil inson millat kelajagi” (2001);
- ,,Maʼrifatli jamiyat muxoliflari” (A.Sagdullayeva va boshqalar bilan hammualliflikda, 2005);
- ,,Xizr chashmasi” (2006);
- ,,Tasavvuf" (2009);
- ,,Badiiy adabiyot va tasavvuf timsollari” (2010);
- ,,Ma’nolar olamiga safar” (2012).
Tarjimalari
- Farididdin Attor. ,,Ilohiynoma” (1994);
- Husayn Voiz Koshifiy. ,,Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlar tariqati” (1994);
- Aziziddin Nasafiy. ,,Zubdat ul-haqoyiq” (1995);
- ,,Komil inson haqida to‘rt risola” (1997);
- Sulton Valad. ,,Maorif” (1999);
- Sayid Muhammad Xotamiy. “Islom tafakkuri tarixidan” (2003);
- Farididdin Attor. ,,Mantiq ut-tayr” (2004).
Mukofotlari va e'tirofi
Najmiddin Komilov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi hay’ati, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Toshkent Islom universiteti huzuridagi doktorlik ilmiy darajasini berishga ixtisoslashgan ilmiy kengashlar, qator ilmiy-adabiy jurnallar tahrir hay’ati a’zosi edi.
1998-yili ,,Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
vikipediya, wiki, ensiklopediya, kitob, maqola, o‘qish, bepul yuklab olish, najmiddin komilov haqida ma’lumot. najmiddin komilov nima? najmiddin komilov nimani anglatadi?